© CABAR – Центральноазиатское бюро по аналитической журналистике
При размещении материалов на сторонних ресурсах, гиперссылка на источник обязательна.

O’zbekistonning YOIIga a’zo bo’lishi masalasini muhokamasi: “Kreml Toshkentni noqulay ahvolga solib qo’ydi”

“Integratsiya masalasi migratsiya muammosini hal qilish vositasi sifatida ko’rib chiqilmasligi kerak va faqat bitta shu masala bilan cheklanib qolmaslik kerak, chunki migratsiya salbiy hodisa, davlatlar esa ijobiy omillar asosida birlashishi kerak” deydi “Bilim karvoni” nodavlat ilmiy-maorifiy institut direktori Farhod Tolipov, CABAR.asia tahlil platformasiga bergan intervyusida.  


Bizning Facebookdagi sahifamizga obuna bo’ling!


Rossiya Federatsiyasi Federatsiya Kengashi spikeri Valentina Matvienko O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvdan keyin O’zbekiston YOIIga a’zo bo’lish masalasini ko’rib chiqayotganini aytdi. Surat: president.uz

Oktyabr oyi boshida Rossiya Federatsiyasining Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matviyenkoning bir og’iz gapi bilan O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YOII) kirishi mumkinligi haqidagi munozaralar yana kuchayib ketti. Matviyenko honim Toshkentga tashrifi doirasida O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashgandan so’ng, “O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi masalasi ishlab chiqilmoqda” deb bayonot bergan edi.

Uning nutqi ekspertlar, siyosatchilar va O’zbekistondagi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasidagi qo’shni mamlakatlar orasida faol muhokamaning boshlanishiga sabab bo’ldi. Bu masalada O’zbekiston jamoatchiligi orasida turlicha fikrlar mavjudligi ko’rinib qoldi: tarafdorlar ham, muxoliflari ham, shuningdek, Armaniston, Belarusiya, Qozog’iston, Qirg’iziston va Rossiyani o’z ichiga olgan YOII bilan hamkorlik qilishning boshqa imkoniyatlarini ko’rib chiqishga chaqiruvchilar ham bor.

O’zbekiston Markaziy Osiyodagi eng yirik davlat bo’lib, aholisi soni bo’yicha birinchi, YaIM hajmi bo’yicha ikkinchi va “afg’on muammosini” hal qilishda xalqaro hamjamiyatning muhim sheriklaridan biridir.

Mintaqadagi boshqa davlatlar qatori, O’zbekiston ShHT va MDH a’zosi. Shuningdek, turli davrlarda respublika KXShT harbiy birlashmasi va Yevro-Osiyo Iqtisodiy Hamjamiyati (Evrazes) iqtisodiy birlashmasi tarkibida b’lgan edi, ammo oldingi prezident Islom Karimov davrida O’zbekiston oxir-oqibat o’zining “harbiy-siyosiy bloklarga qo’shilmaslik” siyosati doirasida ushbu uyushmalarni tark etgan.

Shunga qaramay, yuqorida aytilgan birlashmalarning asosiy yetakchilaridan biri bo’lgan  Rossiya bilan O’zbekistonni yaqin iqtisodiy, savdo va gumanitar aloqalar bog’lab turadi, bu aloqalar Shavkat Mirziyoyev prezidentligi davrida yangi turtki oldi.

CABAR.asia mintaqaviy tahliliy platformasi tahririyati taniqli siyosatshunos va xalqaro ekspert, Bilim Karvoni nomidagi nodavlat-notijorat ilmiy tashkiloti direktori Farhod Tolipovga respublikaning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi to’g’risidagi rasmiy bayonotlar asosida O’zbekiston qanday qadamlarni tashlaydi degan savol bilan murojaat qildi.

CABAR.asia: Rossiya va O’zbekiston siyosatchilarining YOIIga kirish ehtimoli haqidagi so’nggi bayonotlariga qanday izoh berasiz?

Farhod Tolipov fikriga ko’ra, dastlab O’rta Osiyo mamlakatlari mintaqaviy darajada birlashishi kerak va keyin boshqa xalqaro uyushmalarga qo’shilish masalalarini birgalikda ko’rib chiqishi kerak. Foto: siyasat.org

Farhod Tolipov: Kreml Toshkentni noqulay ahvolga solib qo’ydi, bunday holatda katta qudratga ega davlatga, strategik sherik va ittifoqchiga to’g’ridan-to’g’ri e’tiroz bildirish qiyin bo’lsa ham, darhol rozi bo’lib maqullash ham mumkin emas. Jamiyatda, shuningdek, siyosiy va ekspert doiralarda ushbu “sensatsion” xabardan kelib chiqqan rezonans, shubhasiz, Toshkentni unga o’z munosabatini bildirishga majbur qilmoqda va bu pozitsiya allaqachon ehtiyotkorlik bilan bayon qilingan: O’zbekiston YOIIga kirishning barcha salbiy va ijobiy taraflarini o’rganib chiqadi, ammo qaror qabul qilishga kelganda o’z milliy manfaatlaridan kelib chiqadi.

Hozircha tinchlantiruvchi formula topildi: YOIIda kuzatuvchi maqomi.

Sizga Toshkentda yashaydigan mutaxassis ko’zlariga  YOII faoliyati qanday ko’rinmoqda?

Siyosatda, ayniqsa xalqaro siyosatda “de jure” va “de-fakto” vaziyatlar mavjud. De jure – ya’ni hujjatlar va kelishuvlarda – albatta, tenglik prinsipi hurmat qilinadi. Ammo, amalda, shubhasiz, Rossiyaning aniq hukmronligi va yetakchiligi bilan, YOIIga a’zo davlatlar iqtisodiy va siyosiy jihatdan mutlaqo teng emas. Ushbu ustunlik Rossiya rahbariyatiga tashkilotning barcha a’zolari nomidan ularning roziligini olmasdan gapirish va qarorlar qabul qilish uchun huddi “huquq” berib qo’yganday bir qator holatlar ma’lum.

Bundan tashqari, aksariyat “YOIIning nazariyasi va konsepsiyasi” tarafdorlari bu uyushmaga qo’shilishning maqsadga muvofiqligini Rossiyaning alohida ahamiyatga ega ekanligi, u bilan hamkorlikning ahamiyati, shuningdek O’zbekistonning unga aniq yoki yashirin qaramligini ko’rsatuvchi dalillar bilan asoslashga harakat qilishadi (masalan, mehnat migratsiyasi muammosining bo’rttirib ko’rsatilishi).

Iqtisod hech qachon siyosatdan ayri yoki hatto oldinda harakatlanmagan. Siyosiy motivatsiya har doim ma’lum bir xalqaro tashkilotni yaratishda, shuningdek unga yangi davlatning kiritilishi to’g’risida qaror qabul qilishda mavjud. Biz masalaga realistik qarashimiz va YOIIning siyosiy tarkibiy qismi borligiga ko’zimizni yummasligimiz kerak, bu tashklot ortida geosiyosiy maqsadlar yotganligini gapirmasak ham bo’ladi.

Bir necha million O’zbekiston fuqarolari YOIIga a’zo davlatlar – Rossiya va Qozog’iston hududlarida ishlaydilar. Toshkent bu tashkilotga kirish masalasini ularni deb ko’rib chiqadimi?

Integratsiya masalasi migratsiya muammosini hal qilish vositasi sifatida ko’rib chiqilmasligi kerak va u bilan cheklanib qolmasligi kerak, chunki migratsiya salbiy hodisa, davlatlar esa ijobiy rivojlanishga turtki beruvchi voqeliklar asosida birlashtirilgan. Bundan tashqari, migratsiya muammosi ikki tomonlama muvaffaqiyatli hal qilinmoqda. Integratsiya boshqa rag’batlantiruvchi omillardan kelib chiqadi, bir mamlakatning boshqasiga migratsiyasiga yuzasidan bog’liqligidan emas, bunday integratsiya bilan ushbu muammoni faqatgina ta’kidlangan, tasdiqlangan va kuchaytirilgan bo’ladi holos.

Rossiyaning O’zbekistonning YOIIga a’zo bo’lishidan qanday manfaatlari bor?

Men hali ham ushbu jarayonning geosiyosiy tarkibiy qismi mavjudligini istisno qilish uchun biron bir sabab ko’rmayapman. Ammo bu qarama-qarshilik emas. Ittifoqchilar, sheriklarga ega bo’lish, o’zining keng chegaralari atrofida (“yer to’plash” konsepsiyasining boshqa shakli) bufer zonalarini yaratish Moskva uchun muhim strategik vazifadir, ayniqsa jahon siyosatida AQSh bilan sanksiyalar va raqobat tufayli xalqaro izolyatsiya sharoitida. Tarixiy Buyuk Ipak Yo’lining markazi bo’lgan mintaqamiz doimo dunyo kuchlarining geosiyosiy ehtiroslari markazida bo’lgan. Ko’rinishidan, kelajakda bizga hali hamon geosiyosiy notinchlik hamroh bo’ladi.

Yevrosiyo Ittifoqi kabi assotsiatsiyalar formati hokimiyatning ma’lum bir qismini mamlakat ma’murlaridan tashkilotning shtab-kvartirasiga o’tkazishni talab qiladi. O’zbekiston bunga tayyormi?

Yo’q, tayyor emas. Har holda, Karimov hukmronligi davrida shunday edi. Shu sababli, yaqin vaqtgacha O’zbekiston ko’p tomonlama hamkorlik formatlarida faol a’zolikdan voz kechgan. Ammo mintaqaviy tuzilmalarda ishtirokning qayta tiklanishi hokimiyatni topshirish masalasini yana aktuallashtiradi. Shuning uchun, menimcha, Markaziy Osiyo mamlakatlari, avvalambor, mintaqaviy tuzilma doirasida vakolatlarni beshta davlatdan iborat kichik guruhga berish orqali o’rganishlari kerak, teng bo’lmagan a’zolardan tashkil topgan va geosiyosiy maqsadlardan xoli bo’lmagan strukturaga topshirgandan ko’ra.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirdi. Ammo uning natijasi qanday bo’ladi? Foto: RIA Novosti / MIA Russia Today

Aytganingizdek, YOII doirasidagi siyosiy qarorlarni sizga tiqishtirmasliklari uchun birinchi navbatda Markaziy Osiyo mintaqaviy birlashmasi jarayonini to’liq boshlash va uning ortga qaytarib bo’lmasligini ta’minlash strategik jihatdan muhimroq va ustuvor bo’ladi. Shundan keyingina birgalikda, ya’ni allaqachon mintaqaviy integratsiya bloki sifatida shakllangandan so’ng, boshqa tashkilotlar va hatto katta kuchlar bilan aloqalarni o’rnatishimiz maqsadga muvofiqdir.

Ushbu masala bo’yicha muhokamaning boshlanishiga O’zbekistonning boshqa tashqi siyosiy sheriklari qanday munosabatda bo’lishadi?

G’arbning fikri, shubhasiz, Toshkent uchun juda muhimdir, ayniqsa boshqa yirik hamkorlardan farqli o’laroq, G’arb bu voqeaga o’z mulohazalarini bildiradi. Menimcha, geosiyosiy nuqtai nazardan, G’arb, Turkiya va Xitoy O’zbekistonni (turli darajada va turli sabablarga ko’ra) YOIIga qo’shilishidan manfaatdor emas.

Boshqa tomondan, Mirziyoyevning sa’y-harakatlari tufayli Turkmaniston mintaqada o’z-o’zini izolyatsiyalashdan asta-sekin chiqib, mintaqaviy sammitlarda ishtirok eta boshlagan edi. Bu Turkmanistonning nihoyat Markaziy Osiyo mamlakatlari oilasiga qaytishiga umid uyg’otgan edi.

Shuning uchun, O’zbekistonning YOIIga kirishi Turkmanistonni, shuningdek, ko’p jihatdan O’zbekistondan ortda qolmaslikka harakat qiladigan Tojikistonni noaniq pozitsiyaga solishi mumkin.

Ushbu masala bo’yicha qaror qabul qilishda rasmiylar ekspertlar hamjamiyati va keng jamoatchilikning fikrini inobatga oladimi? Bir qator jamoat arboblari o’z nuqtai nazarlarini bildirdilar, ijtimoiy tarmoqlarning o’zbek segmentida faol munozaralar mavjud.

Biz hozir kuzatayotgan narsa – jonli va murakkab munozara jarayoni; nafaqat partiyalar, balki ekspertlar va tahlilchilar orasida ham g’oyaviy kurash mavjudligidir. Aytgancha, partiyalar uchun bu siyosiy  jihatdan qanchalik yashab qolish va yetuklikning yaxshigina sinovidir, chunki ular shu paytgacha siyosiy tizimning o’z fikriga ega bo’lmagan va mustaqil bo’lmagan subyekti sifatida tanilishgan edi.

Menimcha, bir qator holatlar shuni ko’rsatyaptiki, mamlakatmizda eng muhim, hal qiluvchi qarorlar bundan buyog’iga borgan sari kamroq darajada tor elita doirasida qabul qilinishiga olib keladi.

Mirziyoyevning islohotlari misli ko’rilmagan darajada amalga oshirilmoqda. Ular tobora ko’proq jamoatchilik qiziqishlalarini va mamlakatni rivojlantirishning turli muammolariga e’tiborni kengaytirmoqda – demokratik tanlovdan va inson huquqlarini himoya qilishdan tortib to robotlashtirishgacha va 3-, 4- va hokazo global texnologik inqiloblaning mamalakat uchun ahamiyatigacha.

Shunga asoslanib, ekspertlar O’zbekistonning YOIIga qo’shilishi to’g’risidagi qarorni ishlab chiqish jarayoniga hissa qo’sha olishlariga deyarli aminman. Buni yaqinda hokimiyat va siyosiy partiyalar vakillarining vaziyatni tushuntiradigan bayonotlari, shuningdek, ushbu masala bo’yicha ularning rasmiy pozitsiyalaridan ham bilib olish qiyin emas .

Umuman olganda, yangi asosiy qonunlar, asosiy dasturlar va boshqa muhim hujjatlarni, ularning loyihalarini keng jamoatchilik muhokamasi va yangi takliflar kiritish uchun taqdim qilinishi, qabul qilishning bunday modeli borgan sari ko’proq hukm surushidan darak.

Aftidan, YOIIga a’zo bo’lish yoki qo’shilmaslik masalasi keng jamoatchilik muhokamasisiz hal qilinmaydi. Bundan tashqari, bu masalada ommaviy va siyosiy rezonans borgan sari kengayib bormoqda.

Ushbu masala bo’yicha referendum o’tkazilishi mumkinmi?

Malakali qaror referendum g’oyasiga zid emas. Aslida, munozaralar allaqachon boshlangan. Ijtimoiy tarmoqlarga, ba’zi saytlardagi nashrlarga va o’zbek gazetalaridagi intervyularga qarang – bu masala allaqachon keng muhokama qilinmoqda. Bundan tashqari, siyosiy partiyalar bu masala bo’yicha o’zlarining bir-biridan farqli pozitsiyalarini ifoda eta boshladilar. Shu bilan birga, televideniyeda ham mutaxassislar ishtirokida bir qator dasturlarni o’tkazish kerak.

* Asosiy maqolada eurasian-studies.org veb-saytidan kollaj ishlatilgan


Ushbu maqola IWPR ning «Giving Voice, Driving Change — from the Borderland to the Steppes Project» dasturi doirasida tayyorlangan”. 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.

Spelling error report

The following text will be sent to our editors: